Madridning "Atletiko" klubi yarim himoyachisi Markos Lorente "Liverpul"ga qarshi o'yinda dubl qayd etdi, ammo jamoasini mag'lubiyatdan (2:3) qutqarib qololmadi.

30 yoshli futbolchi 81-daqiqada ikkinchi golni urib, "matraschilar"ni deyarli durangga yaqinlashtirgandi, ammo "qizillar" baribir o'z maqsadiga erishdi - Virjil van Deyk hakam tomonidan qo'shib berilgan daqiqalarda g'alaba goliga mualliflik qildi.

Lorente hisobida Chempionlar Ligasi doirasida "Liverpul" bilan "Enfild"da bo'lib o'tgan uchrashuvlarda jami to'rtta gol bor - bu shu kungacha "Real"ning sobiq hujumchisi Karim Benzemaga tegishli bo'lgan turnir rekordini takrorlashdir.

E'tiborlisi, Markos Lorente "Liverpul" maydonida EChLdagi gollari umumiy sonining yarmidan ko'pini - ettitasidan to'rttasini urdi.