“Liverpul” “PSJ” futbolchisi uchun 130 mln evro to'lashga tayyor

Parijning “PSJ” yarim himoyachisi Vitinya faoliyatini Angliya Premer Ligasida davom ettirishi mumkin. Caught Offside nashri xabariga ko'ra, “Liverpul” futbolchini qishki transfer oynasi vaqtida o'z safiga qo'shib olishni istamoqda.
Manbaga ko'ra, “qizillar” skautlari 25 yoshli portugaliyalik futbolchini texnik jihatdan Evropadagi eng iqtidorli yarim himoyachilardan biri deb hisoblaydi. Shu bois uni xarid qilish ustida ishlamoqda. Agar kelishuvga erisha olsa, qishda futbolchi bilan shartnoma imzolashi mumkin. Parij klubi Vitinyani transfer qilishga tayyor ekanligini, biroq buning uchun kamida 130 million evro miqdoridagi taklif kutayotganini bildirgan. Agar xaridorlar futbolchi uchun mazkur summani taklif qilsa, “PSJ” muzokaralarga kirishadi.
Shuningdek, Vitinyaga “Liverpul”dan tashqari “Yuventus”, “Real Madrid”, “Bavariya” hamda “Arsenal” kabi klublar ham qiziqish bildirmoqda.
Ma'lumot uchun, joriy mavsumda Vitinya barcha turnirlar doirasida jami 16 ta o'yinda maydonga tushib, o'z hisobiga 2 ta gol va 8 ta golli uzatma yozdirib qo'ygan. Uning “PSJ” bilan shartnomasi 2029-yilning yozigacha amal qiladi. Transfermarkt ma'lumotiga ko'ra, yarim himoyachining bozor qiymati 90 million evroni tashkil qiladi.