«Rayo Valekano» klubining o'ng qanot himoyachisi Andrey Ratsiu faoliyatini «Liverpul»da davom ettirishi mumkin. Bu haqda Fussballdaten nashri xabar bermoqda.

Manbaning ma'lum qilishicha, 28 yoshli ruminiyalik futbolchining Ispaniya klubi bilan shartnomasida 25 million evro miqdorida tovon puli belgilangan, biroq «Liverpul» bu narxni 20 million evrogacha tushirishni ko'zlamoqda. Shuningdek, ushbu himoyachini «Barselona» ham kuzatayotgani haqida bahordayoq xabarlar tarqalgan edi.

Yakunlangan mavsumda Ratsiu barcha turnirlarda jami 50 ta uchrashuvda maydonga tushib, 1 ta gol urdi va 4 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.

Ratsiuning «Rayo Valekano» bilan amaldagi mehnat shartnomasi 2030 yilning o'rtalariga qadar mo'ljallangan.

Manba: Stadion.uz