«Liverpul» himoyachisi jarohat oldi. U «Siti» va «PSJ»ga qarshi bahslarni o'tkazib yuborishi mumkin

«Liverpul» klubi va Niderlandiya terma jamoasi o'ng qanot himoyachisi Jeremi Frimpong navbatdagi jarohatini oldi.
25 yoshli futbolchi Kolumbiyaga qarshi kechgan o'rtoqlik uchrashuvining ikkinchi bo'limi avvalida zaxiradan maydonga tushdi, biroq 58-daqiqadayoq majburiy ravishda almashtirildi. O'yin yakunlanganidan so'ng «to'q sariqlar» ustozi Ronald Kuman lateralning jarohat olganini tasdiqladi.
Endilikda «Liverpul»ni oldinda juda muhim bahslar kutmoqda: shu shanba, 4 aprel kuni Angliya Kubogi 1/4 finali doirasida «Manchester Siti»ga qarshi o'yin bo'lib o'tsa, 8 aprel kuni Arne Slot shogirdlari Chempionlar ligasi chorak finalining ilk uchrashuvida «PSJ» bilan to'qnash kelishadi.
Eslatib o'tamiz, Niderlandiya va Kolumbiya terma jamoalari o'rtasidagi bahs 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlandi.