«Liverpul» bir transfer oynasida sarflangan mablag' bo'yicha futbol rekordi o'rnatdi

Angliyaning «Liverpul» klubi yangi futbolchilarni xarid qilish uchun bir transfer oynasida sarflangan mablag' bo'yicha rekord o'rnatdi. Bu haqda statistik portal Transfermarkt ma'lumotlariga asoslanib xabar berildi.
Manbaga ko'ra, «Liverpul» yozgi transferlar uchun 483 mln evro sarfladi. Shu tariqa, mersisaydliklar bu boradagi oldingi natijani yangilashdi. Ilgari bu rekord «Chelsi»ga tegishli bo'lib, ular 2023 yil yozida yangi futbolchilar uchun 464 mln evro to'lashgan edi.
Eslatib o'tamiz, joriy yozda «Liverpul» rekord darajada qimmat transferlarni amalga oshirdi: «Bayer»dan yarim himoyachi Florian Virts uchun 125 mln evro va «Nyukasl Yunayted»dan shved hujumchisi Aleksander Isak uchun 144 mln evro sarfladi.
Shuningdek, ular hujumchi Ugo Ekitikenining transferini 95 mln evro evaziga olishdi. Himoya chizig'iga ham qator xaridlar amalga oshirildi: Milosh Kerkez (46,9 mln evro), Jeremi Frimpong (40 mln evro ), Jovanni Leoni (31 mln evro), Armin Pechi (1,78 mln evro).