«Liverpul» Alisson uchun «Yuventus»dan qancha so'rayotgani ma'lum bo'ldi

«Liverpul» darvozaboni Alisson Beker «Yuventus»ning transfer nishoni bo'lib qolmoqda. Braziliyalik posbon «keksa sinora» bilan shaxsiy shartnoma shartlarini kelishib olgan — kelishuv uch yilga mo'ljallangan.
Ayni paytdagi asosiy muammo «qizillar»ning talabi bo'lib turibdi: Angliya grandi o'z darvozabonining sotuvidan taxminan 10-15 million evro ishlab olmoqchi. «Yuventus» esa 33 yoshli futbolchini ramziyroq summaga — taxminan 2-3 million evroga sotib olishni istamoqda, deb xabar beradi jurnalist Nikolo Skira. Turinliklar kelishuvga Mikele di Gregorio yoki Mattia Perinni qo'shish variantlarini ko'rib chiqishlari mumkin.
Transfermarkt portali Alissonning transfer bahosini 17 million evroga baholagan, uning «Liverpul» bilan shartnomasi esa bir yildan so'ng yakuniga etadi.