Amerikaning Fenway Sports Group (FSG) investitsiya kompaniyasi, "Liverpul" klubidagi minoritar ulushni sotish bo'yicha muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda The Financial Times xabar berdi.

Manbaga ko'ra, xaridor sifatida britaniyalik-hindistonlik tadbirkor va “Kuinz Park Reynjers” klubi egasi Amit Bxatiya boshchiligidagi investorlar konsortsiumi ko'rilmoqda. Bitimni dunyodagi eng yirik po'lat ishlab chiqaruvchi ArcelorMittal kompaniyasiga egalik qiluvchi Mittal oilasi ham qo'llab-quvvatlamoqda.

Agar kelishuv amalga oshsa, “Liverpul”ning qiymati 6 milliard dollardan (5,25 milliard evro) oshadi. Bu esa futbol tarixidagi eng yuqori baholangan klublardan biriga aylanishi mumkin.

Ta'kidlanishicha, FSG investorlar konsortsiumi bilan muzokaralar olib borayotganini tasdiqlagan. Biroq hozircha tomonlar o'rtasida yakuniy kelishuvga erishilmagan.

Eslatib o'tamiz, "Liverpul" o'tgan mavsum Angliya Premer-ligasini 5-o'rinda yakunlagan edi.

Manba: Stadion.uz