Liverpul-2025. Navbahor Hamidova qiyin jangda g'alaba qozonib, finalga chiqdi!

Angliyaning Liverpul shahrida o'tayotgan bkos bo'yicha jahon chempionatida yarim final janglari boshlandi.
Ayollar o'rtasida 65 kg. vazn toifasidagi vakilimiz Navbahor Hamidova final yo'llanmasi uchun Xitoy Taypeyi a'zosi Chen Nien-Chinga qarshi ringga ko'tarildi.
Hamyurtimiz birinchi bo'limda 4 hakamdan 10 ball olgan bo'lsa, ikkinchi raundda 3 hakamning e'tirofiga sazovor bo'ldi. Uchinchi bo'limda taypeylik bokschi ustunlikka erishdi. Yakuniy baholar esa — 3:2 (30:27, 29:28, 29:28, 28:29, 28:29), Hamidova foydasiga.
Shu tariqa, Navbahor ushbu raqibdan revansh oldi. Ushbu bokschilar Parij olimpiadasining chorak finalida to'qnash kelishgan va unda Chen Nien-Chin g'alaba qozongan edi.
Hamidova finalda qozog'istonlik Aida Abikeevaga qarshi ringga ko'tariladi.