Argentina terma jamoasi himoyachisi Lisandro Martines Jahon chempionati — 2026 chorak finalidan o'rin olgan Shveytsariyaga qarshi bo'lajak uchrashuvdan kutayotgan umidlari bilan o'rtoqlashdi.

«Biz uchun barcha o'yinlar og'ir kechdi va ertaga bizni yana bir qiyin bahs kutmoqda. Shveytsariya Kolumbiyadan zaif emas. Mening fikrimcha, Kolumbiya bilan o'yinda shveytsariyaliklar butun uchrashuv davomida ustunlik qilishdi. Bizni ajoyib o'yin kutmoqda. Biz tayyormiz», — Martinesning so'zlarini keltiradi ESPN.

Jahon chempionatining 1/8 finalida Argentina terma jamoasi Misrni mag'lub etgandi (3:2), Shveytsariya esa penaltilar seriyasida Kolumbiya to'sig'idan o'tgan edi (0:0, penaltilar bo'yicha — 4:3).

Argentina — Shveytsariya chorak final uchrashuvi 12 iyul kuni bo'lib o'tadi. Hakamning o'yin boshlanishini bildiruvchi hushtagi Toshent vaqti bilan soat 06:00da chalinadi.

Manba: Stadion.uz