«Inter Mayami» hujumchisi Lionel Messi MLSning muntazam mavsumida eng ko'p gol urgan futbolchi sifatida “Oltin butsa” sovrini bilan taqdirlandi. Argentinalik yulduz mukofotni pley-off 1/8 finalidagi «Neshvill»ga qarshi uchrashuv oldidan qabul qildi.

Bellashuv Florida shtatidagi Fort-Loderdeyl shahrida joylashgan «Cheyz Stedium»da bo'lib o'tmoqda. Hisob — 2:0 «Inter Mayami» foydasiga, gollardan birini Messi urdi.

38 yoshli forvard muntazam mavsumda 28 o'yinda 29 gol kiritib, eng yaqin ta'qibchilari — «Los-Anjeles» forvardi Deni Buanga va «Neshvill» hujumchisi Sem Sarrijni (ular 24 tadan gol urgan) ortda qoldirdi.

Messi 2023 yil yozidan beri «Inter Mayami» sharafini himoya qilmoqda. Shu vaqt mobaynida u barcha musobaqalarda 82 ta uchrashuvda maydonga tushib, 71 ta gol va 37 ta golli uzatma muallifi bo'ldi.

Transfermarkt ma'lumotiga ko'ra, afsonaviy futbolchining hozirgi bozor bahosi 18 million evroni tashkil etadi.

Manba: championat.com