Argentina terma jamoasi hujumchisi Lionel Messi jahon chempionatlari tarixidagi eng uzoq davom etgan golli seriya rekordini takrorladi.

Bu JCh-2026 guruh bosqichi 2-turidan o'rin olgan Argentina — Avstriya uchrashuvida ro'y berdi. Messi mazkur bahsning 39-daqiqasida raqib darvozasini ishg'ol qilib, o'zining mundiallardagi ketma-ket oltinchi o'yinida gol urdi.

Avvalroq argentinalik yulduz JCh-2026da Jazoirga qarshi bahsda, shuningdek, JCh-2022da Frantsiya, Xorvatiya, Niderlandiya va Avstraliya terma jamoalari darvozalariga ham gol kiritgan edi.

Shu tariqa, Messi jahon chempionatlari tarixidagi eng uzoq golli seriya bo'yicha rekordni takrorladi. Undan avval bu natija frantsuz hujumchisi Jyust Fonten va braziliyalik forvard Jairzino tomonidan qayd etilgan edi.

Argentina guruh bosqichining 3-tur bahsini 28 iyun kuni Iordaniyaga qarshi o'tkazadi.

Manba: Stadion.uz