«Lion» va «Botafogo» o'rtasidagi transfer mojarosi FIFAgacha etib bordi

Frantsiyaning «Lion» klubi Braziliyaning «Botafogo» jamoasida to'p surayotgan futbolchi Jeffinoning transferi uchun o'z pullarini talab qilmoqda. L’Equipe nashrining xabar berishicha, frantsuz klubi rahbariyati allaqachon FIFAga tegishli shikoyat arizasini topshirgan.
Futbolchi 2023 yilda «Lion» tomonidan 10 million evroga sotib olingan edi, keyinchalik u yana «Botafogo»ga 5,3 million evro evaziga sotilgan. Biroq Braziliya tomoni belgilangan mablag'ni hanuzgacha o'tkazib bermagan. Buning sababi esa klublarning sobiq egasi Jon Tekstor bilan bog'liq.
Tekstor bir vaqtning o'zida bir nechta klublarni — «Lion», «Botafogo» va «Molenbek»ni boshqargan. Uning rejasiga ko'ra, klublar uchun «umumiy kassa» tizimi yaratilishi va unda mablag'lar vaziyatga qarab bir jamoadan ikkinchisiga erkin o'tkazilishi kerak edi.
Yakunda «Lion» ustidan nazorat boshqa kompaniya ixtiyoriga o'tdi va klubning yangi rahbariyati mavjud moliyaviy muammolarni, jumladan, amalga oshirilmagan transfer to'lovlarini o'rganishni boshladi.