Lineker Frantsiya terma jamoasini JCh-2026 ning asosiy favoriti deb atadi

Gari Lineker Frantsiya terma jamoasini Jahon chempionatining asosiy favoriti deb atadi va jamoa qaysi fazilatlari evaziga titulni qo'lga kiritishi mumkinligini ta'kidladi.
— Guruh bosqichidan keyin Frantsiyani turnirning 2–3 ta asosiy favoritlaridan biri deb hisoblaysizmi?
— Shubhasiz! Turnir boshlanishidan oldin men, balki, Ispaniyani Frantsiyaga qaraganda biroz yaqqolroq favorit deb hisoblagandirman, ammo hozir vaziyat o'zgardi. Ispaniyada Niko Uilyams va Yeremi Pino jarohat olishdi va mening fikrimcha, ular turnirni kutilgandek ishonchli boshlashmadi. Hozir esa Frantsiya — eng yaxshi jamoa. Bu mag'lub etish juda qiyin bo'lgan terma jamoa, garchi, albatta, futbolda hech qachon aniq bir narsa deb bo'lmaydi — hamma narsa bir kunda o'zgarib ketishi mumkin.
Ammo frantsuzlarning hujumchilariga boshqa istalgan terma jamoa bilan taqqoslab qarasak — bular alohida darajadagi futbolchilardir. Shunday ekan, ha, ular bosimga va taqdir zarbalariga tayyor bo'lishlari kerak. Balki, maydon markazida yanada «yaxlit» jamoalar bordir yoki himoyasi kuchliroqlar topilar, lekin umuman olganda, tarkib chuqurligi va ayniqsa hujum chizig'i bilan Frantsiya — shunchaki favorit emas, balki titulga asosiy da'vogardir.
— Frantsiya terma jamoasi o'yinining qaysi jihati sizni eng ko'p hayratda qoldirmoqda? Hujummi?
— Qanday hayratlanmaslik mumkin? Kilian Mbappe hozir ajoyib sport formasida, u juda yaxshi holatda. To'rtta turnir davomida jim yurgan Usman Dembele ikkita o'yinda to'rtta gol urdi. Agar Frantsiya titulni qo'lga kiritsa, menimcha, aynan mana shu ikkisi «Oltin to'p»ga asosiy da'vogarlar qatorida bo'lishadi. Maykl Olise ham mutlaqo o'ziga xos iste'doddir.
— Sizningcha, Dide Desham Frantsiya terma jamoasining hozirgi muvaffaqiyatlarida qanday rol o'ynamoqda?
— Bu Jahon chempionatida g'olib chiqqan va keyin jamoani yana bir finalga olib chiqqan murabbiy (kuladi). U oliy darajadagi haqiqiy etakchidek ko'rinadi. Bunday turnirlarda qanday g'alaba qozonish kerakligi haqida gap ketganda, Deshamdan ko'ra malakaliroq mutaxassisni ko'rmayapman. Volidasining vafoti — fojia, bu juda mahzun holat va men haligacha FIFA nima uchun futbolchilarga motam bog'ichlarini taqib tushishga ruxsat bermaganini tushuna olmayapman. Ammo bu bo'lak mavzu… Desham — bu kuch. Uning tajribasi shubhasiz va futbolchilar uni chuqur hurmat qilishlari sezilib turadi, — dedi Angliya terma jamoasining sobiq hujumchisi.
Manba: Stadion.uz
Kommentariyalar