«Aston Villa» himoyachisi va Shvetsiya terma jamoasi vakili Viktor Lindelyof JCh-2026 yo'llanmasi uchun o'tish o'yinlari (pley-off) boshlanishi oldidan o'z fikrlarini bildirdi. Shvetsiya va Ukraina o'rtasidagi yarim final uchrashuvi 26 mart kuni bo'lib o'tadi va Toshkent vaqti bilan tungi soat 00:45 da boshlanadi.

«Bu Jahon chempionati — mening eng so'nggi imkoniyatim. Agar oradan to'rt yil o'tib ham men milliy jamoada bo'lsam, demak, bu Shvetsiya futboli uchun unchalik yaxshi belgi emas», — deya futbolchining so'zlarini keltiradi UEFA rasmiy sayti.

Ushbu juftlik g'olibi 31 mart kuni hal qiluvchi bahsda Polsha yoki Albaniya terma jamoasi bilan to'qnash keladi.

Lindelyof 2016 va 2020 yilgi Evropa chempionatlarida, shuningdek, 2018 yilgi Jahon chempionatida ishtirok etgan. 31 yoshli futbolchi terma jamoa safida jami 73 ta o'yin o'tkazib, 3 ta gol urishga muvaffaq bo'lgan.