«Manchester Siti» murabbiylar shtabida faoliyat yuritgan Pepeyn Leynders Xosep Gvardiola haqidagi fikrlari bilan o'rtoqlashdi.

«U katta ishtiyoq bilan ishlaydi. Har kuni ertalabdan kechgacha band bo'lardik. U o'yin rejasini tuzishga xuddi jarroh yurak operatsiyasiga yondashganidek yondashadi: o'ta sinchkovlik bilan, har bir muhim detalni pintset bilan tekshirib chiqadi», — deya Leyndersning so'zlarini keltiradi AD nashri.

Ispaniyalik mutaxassis Angliya Premer-ligasining yakunlangan mavsumidan so'ng «shaharliklar» bosh murabbiyi lavozimini tark etdi. Gvardiola boshqaruvidagi o'n mavsum davomida «Manchester Siti» 20 ta sovrinni qo'lga kiritdi. Angliya chempionatining oxirgi mavsumida jamoa ikkinchi o'rinni egalladi.