Levon Aronyan: “Javohir Sindarovga xohlaganini qilishga yo'l qo'yib berishyapti”

Nomzodlar turnirida to'rt bor (2011, 2014, 2016 va 2018 yillarda) ishtirok etgan Levon Aronyan o'zbekistonlik shaxmatchi Javohir Sindarovning hozirgi o'yini haqida o'z fikrini bildirdi.
— Turnir biz kutgandek qiziqarli kechmayapti. Go'yo boshqa o'yinchilar asta-sekin taslim bo'lib, Sindarovga xohlaganicha o'ynashga imkoniyat berayotgandek.
Aronyan Sindarovning kuchli tomonlarini ham alohida ta'kidladi:
— U juda taktik, juda topqir o'yinchi. Eng muhimi, psixologik jihatdan juda barqaror. Agar unga o'ziga qulay pozitsiyalar berilsa, u ortga qaramaydi va ishonch bilan o'ynaydi.
U variantlarni qayta-qayta tekshirib o'tirmaydi, o'ziga ishonadi. Bu esa o'yinida yaqqol sezilib turadi.
Shuningdek, u Sindarovning shaxsiy fazilatlari haqida ham gapirdi:
— U juda samimiy va yoqimli inson. Iste'dodi esa hammaga ayon. Agar men amerikalik o'yinchilar uchun muxlislik qilmaganimda, albatta unga muxlislik qilgan bo'lardim.
Aronyan turnir oldidan Sindarovni yuqori baholaganini ham aytdi:
— Men uni “yashirin favorit” deb hisoblaganman. Asosiy favorit sifatida esa Fabiano Karuanani ko'rganman va hanuz shunday o'ylayman. Lekin ba'zan bitta mag'lubiyat hammasini o'zgartirib yuboradi.