Bosh murabbiy Frenk Lempard «Koventri» klubi bilan yangi uzoq muddatli shartnoma imzolashga yaqin turibdi. Bu haqda The Telegraph nashri xabar bermoqda.

Manba bergan ma'lumotlarga ko'ra, tomonlar o'rtasidagi muzokaralar yakuniy pallasiga kirdi. Yangi bitim uzoq muddatga mo'ljallanishi kutilmoqda.

Lempard 2024 yilning noyabr oyida «Koventri» boshqaruvini qo'lga olgan edi va Chempionshipda 95 ochko bilan zafar quchib, jamoani APLga olib chiqishga muvaffaq bo'ldi. Klub Angliya elitasida oxirgi marta 2001 yilda to'p surgan edi.

Qayd etilishicha, ingliz mutaxassisi o'z ishidan mamnun va allaqachon klub xo'jayini Dag King bilan yozgi transfer oynasi rejalarini muhokama qilishni boshlab yuborgan.

Yangi mavsumning 1-turida Lempard jamoasi safarda amaldagi chempion — «Arsenal»ga qarshi maydonga tushadi.

Manba: Stadion.uz