Lautaro Martines: "PSJ"ga qarshi finaldan so'ng 5 kun hech narsa demadim"

Milanning "Inter" klubi sardori Lautaro Martines Chempionlar ligasining o'tgan mavsumida "PSJ"ga qarshi kechgan finaldagi muvaffaqiyatsizligini yana bir bor yodga oldi.
Parijliklar raqib darvozasiga javobsiz beshta to'p kiritib, "neradzurrilar"ga imkoniyat qoldirmadi.
"PSJ" bilan o'sha finaldan keyin besh kun davomida hech narsa demadim. Men tushkunlikka tushdim va hafsalam pir bo'ldi. Bu Chempionlar ligasining uch mavsum davomidagi ikkinchi mag'lubiyatli finali - ikkala holatda ham ko'zlagan maqsadimizga erishish uchun nimadir etishmadi. "PSJ" juda kuchli ekanini bilardik, ammo "Inter" ham yaxshi edi. Chorasizlik - o'sha o'yinda his qilganlarimizni tasvirlash uchun eng mos so'z. Qilgan ishlarimizdan hech narsa chiqmadi," - deya Lautaroning so'zlarini keltiradi Football Italia.
Bungacha Chempionlar Ligasi finalida hech kim 5 ta gol farqi bilan mag'lub bo'lmagandi.