Lamin Yamal "Barselona" chempionligidan so'ng Bellingemning so'zlarini o'ziga qaytardi (foto)

"Barselona" hujumchisi Lamin Yamal Ispaniya chempioniga aylangach, Madridning "Real" klubi yarim himoyachisi Jud Bellingemning o'tgan yilgi gaplarini yodga oldi.
Voqealar rivoji o'tgan yilning kuzida boshlangan edi. O'shanda Lamin Yamal "El-Klasiko" oldidan bir qator provokatsion bayonotlar bergan, ammo uchrashuvda "Real" 2:1 hisobida g'alaba qozongan va Yamal kuchsiz o'yin ko'rsatgan edi.
O'yindan so'ng Bellingem ijtimoiy tarmoqlarda Yamalning bayonotlariga ishora qilib: "So'zlarning hech qanday qiymati yo'q", — deb yozib qoldirgan edi.
Joriy mavsumning ikkinchi davrasida esa "Barselona" "Real"ni 2:0 hisobida mag'lub etib, Ispaniya chempionligini rasmiylashtirdi. Lamin Yamal jarohati sababli ushbu bahsda maydonga tusha olmagan bo'lsa-da, stadionda jamoasi bilan birga edi.
G'alabaning ertasiga Yamal jamoadoshlarining golni nishonlayotgani aks etgan suratni joylashtirib, Bellingemning iqtibosini so'zma-so'z takrorladi: "So'zlarning hech qanday qiymati yo'q".
Shuningdek, futbolchi o'z postiga ko'plab kulgi va ko'z yoshi ifodalarini qo'shib qo'ygan. Mutaxassislar buni yosh yulduzning madridliklarga nisbatan o'ziga xos "revanshi" sifatida baholashmoqda.