La Liga prezidenti Xaver Tebas Madridning «Real» klubi tomonidan «Barselona» foydasiga yo'l qo'yilgan hakamlik xatolari yuzasidan UEFAga hisobot taqdim etilgani haqida fikr bildirdi.

«Men hali u hisobotni ko'rmadim, ammo uni o'qishni juda xohlayman. Ular qaysi yildan boshlab shikoyat qilayotganini, faqat o'zlariga qarshi chiqqan qarorlar haqida yozganmi yoki barcha klublarga, jumladan "Real"ning o'zi foydasiga qabul qilingan qarorlarni ham tilga olganmi — shuni ko'rmoqchiman. Agar hakamlar xatolaridan shikoyat qilishga haqi yo'q biror klub bo'lsa, bu — "Real" Madrid», — dedi Tebas.

Eslatib o'tamiz, 2023 yilda «Barselona»ga sobiq hakamlar texnik qo'mitasi (CTA) vitse-prezidenti Xose Mariya Negreyraga to'langan mablag'lar bo'yicha pora berish ayblovi qo'yilgan edi.

Tergov ma'lumotlariga ko'ra, kataloniyaliklar 2001–2018 yillar oralig'ida Negreyraga taxminan 8,4 million evro to'lagan.

«Barselona» esa Negreyra hakamlik bo'yicha texnik hisobotlar tayyorlovchi tashqi maslahatchi sifatida jalb qilinganini ta'kidlagan. Sobiq CTA vitse-prezidenti ham hakamlarga ta'sir o'tkazish maqsadida pora olganini rad etgan.

Manba: Stadion.uz