«Rayo Valekano» «Strasbur»dan ustun kelib, Konferentsiyalar Ligasi finaliga yo'l oldi. Shu tariqa, kelasi mavsumda La Liganing beshta klubi yana Chempionlar Ligasida ishtirok etadigan bo'ldi.

Ispaniya UEFA koeffitsientlar jadvalida 22 094 ochko bilan beshinchi o'rinni egallab turibdi va 21 786 ochkoga ega Germaniyani ortda qoldirmoqda.

Ayni paytda Ispaniya chempionatining kuchli beshligidan «Barselona» (88 ochko), «Real» (77 ochko), «Vilyarreal» (68 ochko), «Atletiko» (63 ochko) va «Betis» (53 ochko) joy olgan. 6-o'rinda borayotgan «Selta» mavsum tugashiga 4 tur qolganda beshinchi pog'onadan 6 ochkoga ortda qolmoqda.

Agar «Rayo Valekano» Konferentsiyalar Ligasi finalida «Kristal Pelas»ni mag'lub etsa, kelasi mavsumda La Liganing jami to'qqizta jamoasi evrokuboklarda ishtirok etadi.

2025/26 yilgi mavsumda Chempionlar Ligasining umumiy bosqichida «Barselona» (5-o'rin), «Real» (9-o'rin), «Atletiko» (14-o'rin), «Atletik» (29-o'rin) va «Vilyarreal» (35-o'rin) ishtirok etgan edi.