Kyurasao milliy terma jamoasi futbol bo'yicha Jahon chempionatlari tarixida o'ziga xos rekord o'rnatdi. U mundialda ishtirok etgan eng kam aholiga ega mamlakat sifatida qayd etildi.

Bu haqda Guinness World Recordsning X (Twitter)dagi rasmiy akkaunti ma'lum qildi. Tashkilot vakillari Kyurasao futbol federatsiyasi prezidenti Gilbert Martinaga rasmiy rekord sertifikatini topshirgan.

«Biz Kyurasao futbol federatsiyasi prezidenti Gilbert Martinaga Jahon chempionatiga yo'l olgan eng kam aholiga ega davlat rekordi uchun sertifikatni topshirdik — 156 115 nafar aholi», — deyiladi xabarda.

Kyurasao terma jamoasi tarixda birinchi marta Jahon chempionatiga yo'l oldi va shu orqali avvalgi rekordni yangiladi. Ilgari bu ko'rsatkich Islandiya milliy terma jamoasiga tegishli edi (ChM-2018).

Jahon chempionati — 2026 AQSh, Kanada va Meksikada o'tkazilmoqda. Bu safar turnir tarixida birinchi marta 48 ta terma jamoa ishtirok etmoqda.

Manba: sports.kz