Madridning "Real" klubi darvozaboni Tibo Kurtua o'ng qanot himoyachisi Trent Aleksandr-Arnoldning o'yini haqida o'z fikri bilan o'rtoqlashdi.

Ingliz futbolchisi La Liganing "Real Sosedad"ga qarshi kechgan shanba kungi bahsi (4:1) qahramonlaridan biriga aylandi. 27 yoshli futbolchi Gonsalo Garsiya tomonidan urilgan birinchi golga hammualliflik qildi.

"Trent ajoyib fazilatlarga ega, bu shundoq ham ayon edi. U biz uchun juda foydali. Bugun u ajoyib uzatmalarni amalga oshirdi — masalan, birinchi gol sodir bo'lgan vaziyatda. Barcha sog'-salomat bo'lsa, biz ancha kuchliroq bo'lamiz — shunda futbolchilarni o'zlariga notanish pozitsiyalarda o'ynatishga to'g'ri kelmaydi", — dedi Kurtua o'yindan keyingi intervyusida.

Aleksandr-Arnold dekabr oyi boshidan beri ilk bor "qaymoqranglilar"ning asosiy tarkibida maydonga tushdi. "Liverpul"ning sobiq futbolchisi yaqindagina jarohatidan qutilib, safga qaytgan edi.