Kroos: "Manuel Noyer — barcha davrlarning eng yaxshi darvozaboni"

"Real" va Germaniya terma jamoasi sobiq yarim himoyachisi Toni Kroos "Bavariya" posboni Manuel Noyerning mahoratiga yuqori baho berdi.
"Men uchun Manu barcha davrlarning eng yaxshi darvozaboni ekani — fakt. U o'yinini tomosha qilish juda qiziq bo'lgan yagona golkiperdir. Uning maydondagi harakatlari shunchaki hayratlanarli. Noyer hali ham o'zining noyob o'yin uslubiga ega va bu faqat unga xos", — dedi Kroos Einfach mal Luppen podkasti efirida.
Shuningdek, Kroos Noyer uyda o'tgan Evro-2024dan keyin tark etgan Germaniya terma jamoasiga qaytish masalasini ko'tarmaslik uchun etarlicha aqlli ekanini ta'kidladi.
"Shunga qaramay, u shubhasiz eng yaxshi nemis darvozaboni. Bu bilan bahslashib bo'lmaydi va unga hech qanday dalillarning keragi yo'q", — deya qo'shimcha qildi Kroos.
Eslatib o'tamiz, avvalroq 40 yoshli Noyer Chempionlar ligasida haftaning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan edi. Joriy 2025/26 yilgi mavsumda darvozabon barcha turnirlarda 31 ta o'yin o'tkazib, 30 ta gol o'tkazib yubordi va 10 ta bahsda o'z darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi.