Krishtianu Ronaldu: «O'ynashda davom etish og'ir»

«An-Nasr» klubi va Portugaliya terma jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronaldu 28 dekabr kuni Dubayda (BAA) bo'lib o'tgan "Globe Soccer Award"da "Yilning eng yaxshi sportchisi" sovrinini qo'lga kiritganidan so'ng, o'z karerasidagi rejalari haqida gapirdi.
"Shuncha sportchilar bilan bunday gala-kechada bo'lish men uchun katta zavq bag'ishlaydi. Bu mening sevimli tadbirlarimdan biri, chunki bu erda men aql bovar qilmaydigan odamlarni, jumladan, rafiqamni ko'rib turibman.
O'yinni davom ettirish og'ir, lekin menda hali ham ishtiyoq bor va davom etishga motivatsiyam bor. Yaqin Sharqda o'ynaymanmi yoki Evropada — bundan keyin ham sovrinlar yutib, hamma biladigan marrani zabt etishni istayman. Jarohatlarsiz bo'lsa, unga etib borishimga ishonchim komil. Oqshomdan va Yangi yildan zavqlaning," — deya Ronalduning so'zlarini keltiradi Goal.
Avvalroq, Ronaldu faoliyati davomida 1000 ta gol urishni istayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Hozirda uning hisobida 956 ta gol bor.