UFC'ning sobiq chempioni, irlandiyalik Konor Makgregor olgan jarohati sabab kamida bir yil jang qilmaydi. Bu haqda promoushen bosh direktori Dana Uayt ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, 12-iyul kuni Las-Vegasda o'tkazilgan UFC 329 turnirida Makgregor amerikalik Maks Xolloueyga qarshi jangda birinchi daqiqadayoq texnik nokaut evaziga mag'lub bo'ldi. Keyinchalik irlandiyalik jangchi son suyagining boshcha qismi jarohatlanganini va operatsiyani boshdan kechirishini ma'lum qildi.

“Biz Makgregor bilan gaplashdik. U bir yilga safdan chiqdi”, deya Dana Uaytning so'zlarini keltirmoqda MMA Fighting.

Makgregor Xollouey bilan jangga qadar 2021-yilning iyulidan beri oktagonga ko'tarilmagan edi. O'shanda u amerikalik Dastin Porega qarshi kechgan uchrashuvda oyog'ini sindirib olib, mag'lub bo'lgandi. Hozirga qadar 38 yoshli sobiq chempion MMA'da 29 ta jang o'tkazib, 22 ta g'alaba qozongan, shuningdek, 7 ta jangda imkoniyatni boy bergan.

Manba: Stadion.uz