Konening «Arsenal»ga ehtimoliy transfer summasi oshkor bo'ldi

«Roma» klubining markaziy yarim himoyachisi Manu Kone joriy yozda klubini o'zgartirishi mumkin. 25 yoshli futbolchiga Londonning «Arsenal» klubi qiziqish bildirmoqda.
L'Équipe nashrining xabar berishicha, «kanonirlar» yozgi transfer oynasida Kone transferi imkoniyatlarini o'rganishmoqda. Manbaga ko'ra, «Roma» FIFAning moliyaviy qoidalariga (feyr-pley) amal qilish maqsadida o'z etakchi yulduzlaridan birini sotishga majbur bo'lishi mumkin.
Ta'kidlanishicha, kelishuv summasi taxminan 40 million evroni tashkil qilishi mumkin. Shuningdek, Konening harakatlarini Milanning «Inter» klubi ham kuzatib bormoqda.
Yakunlangan mavsumda Kone barcha musobaqalarda jami 37 ta uchrashuvda maydonga tushib, ikkita gol urdi va uchta golli uzatma muallifiga aylandi.