Kompani: "Bundesliga uchun ajoyib reklama"

"Bavariya" bosh murabbiyi Vensan Kompani Dortmundning "Borussiya" jamoasiga qarshi kechgan Bundesliga o'yini haqida o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi. Myunxenliklar o'zlarining asosiy ta'qibchisi mehmoni bo'lib, o'yin davomida hisobda ortda borayotib, yakunda g'alabani (3:2) qo'lga kiritishdi.
"Bugungi uchrashuv — Bundesliga uchun ajoyib reklama bo'ldi. Shiddat, gollar va tribunalardagi 80 ming tomoshabin — hammasi ajoyib edi. "Borussiya" bosim o'tkazishga harakat qildi, lekin biz shunchaki himoyada o'tirib, bosimga chidab berganimiz yo'q, balki o'z vaziyatlarimizni yaratdik. Har ikki jamoa ham hujum qilishga intildi", — deya Kompanining intervyusidan iqtibos keltiradi Bayern & Germany.
Ushbu g'alabadan so'ng "Bavariya" mavsum yakunidan o'n tur oldin "Borussiya" bilan oradagi farqni 11 ochkoga etkazdi.