Kompani: «Biz «Real»ning muammolarini hal qilishimiz shart emas»

Myunxenning «Bavariya» klubi bosh murabbiyi Vensan Kompani Chempionlar Ligasi chorak finalining birinchi o'yini oldidan Madridning «Real» klubi hujumchilari Kilian Mbappe va Vinisius Junior haqidagi savolga javob berdi.
— «Real» Mbappe va Vinisius bilan birga kuchliroq o'ynaydimi yoki ularning faqat bittasi bilanmi?
— Bu umuman mening ustuvor vazifam emas. «Bavariya»ning o'z muammolari etarli, biz «Real»ning muammolarini hal qilishimiz shart emas. Faqat shuni aytishim mumkinki, ikkalasi ham — aql bovar qilmas darajadagi futbolchilar. Qolgani — «Real»ning ishi, — deya Kompanining so'zlarini keltirmoqda AS.
«Bavariya» va «Real» o'rtasidagi chorak finalning dastlabki uchrashuvi bugun, 7 aprel kuni Madriddagi «Santyago Bernabeu» stadionida bo'lib o'tadi. O'yin Toshkent vaqti bilan tungi soat 00:00'da boshlanadi.