Kolumbiya velosport federatsiyasi matbuot xizmati 30 yoshli sportchi Kristian Kamilo Munosning vafot etganini ma'lum qildi.

Fojia Frantsiyada o'tkazilgan “Tour du Jura” poygasida yuz bergan. 18 aprel kungi bahslarda Munos yiqilib tushib, tizzasidan jarohat olgan. Dastlab xavfli ko'rinmagan ushbu jarohat ortidan shifokorlar sportchida davolash qiyin bo'lgan infektsiyani aniqlashgan. Shifokorlarning urinishlariga qaramay, so'nggi kunlarda uning ahvoli keskin yomonlashgan va u hayotdan ko'z yumgan.

“Kolumbiya velosport federatsiyasi va uning ijroiya qo'mitasi o'tgan shanba kungi halokatdan so'ng yuzaga kelgan asoratlar tufayli ‘NU Colombia’ jamoasi a'zosi Kamilo Munosning vafoti munosabati bilan chuqur ta'ziya bildiradi. Uning vafoti kolumbiyalik velosport ishqibozlari va uni yaqindan taniganlar qalbidan chuqur joy oldi. Kristian o'zining intizomi va qat'iyati bilan barchamizning xotiramizda qoladi”, deyiladi federatsiya xabarida.

Eslatib o'tamiz, avvalroq Samarqandning “Dinamo” klubi U-19 jamoasi a'zosi, 18 yoshli Sardor Murodov vafot etgani haqida xabar berilgan edi.

Manba: daryo.uz