Diqqat qiling, APL o'lchovi bilan ham katta klublar sirasiga kirmaydigan kamtarin «Bornmut» yozgi transferlar bozorida futbolchilar sotuvi orqali deyarli 230 million evro ishladi. Jamoa ayniqsa, himoyaviy futbolchilar transferidan ko'p foyda ko'rdi. Ispaniyalik bosh murabbiy Andoni Iraola esa bo'lajak yulduzlarni tayyorlashga kirishdi allaqachon. Qoyilmaqom futbol siyosati. Aytish kerak, joriy yoz birgina «Chelsi» futbolchilarni sotish orqali ko'proq topdi, ammo «aristokratlar» shunga yarasha bozorda kattagina xarajatga ham qo'l urishdi. Deyarli 300 million evroga futbolchi sotgan «Bornmut» esa xaridlarga 100 «limon» ajratdi, xolos.

—  APLda futbolchi sotish masalasida «Bornmut»dan birgina «Chelsi» oldinda. London klubi joriy yoz sotuv kelishuvlaridan 232 million evro topdi. Xususan, Jorje Petrovich aynan «Bornmut» safiga qo'shildi deyarli 29 million evro evaziga. Eng katta summa (55,4 million evro) «Arsenal»ga ketgan Noni Madueke transferi orqali tushdi. Ammo «Chelsi» shuning barobarida joriy yoz 23 avgust kungi holat bo'yicha 279 million evro sarfladi.

—  «Bornmut»ning yana bir yulduzi Entoyn Semeno APL grandlari e'tiborida turibdi. Jumladan, «Liverpul», «MYu» va «Tottenxem» ganalik 25 yoshli futbolchini sotib olish imkoniyatini o'rganmoqda. Vaholanki, «Bornmut» yaqinda Semeno bilan o'rtadagi shartnoma muddatini 2030 yilgacha uzaytirdi.

—  «Bornmut» katta foyda evaziga yangi futbolchilar xaridiga 100 million evro ajratdi. Xususan, «Lill» himoyachisi Bafode Diakite transferiga 35 million evro berildi, «Chelsi» darvozaboni Jorje Petrovich deyarli 29 «limon»ga tushdi. Klub shuningdek, «Liverpul»dan 19 yoshli yarim himoya­chi Ben Doukni 23 million evroga sotib oldi. «Renn» vakili Adrien Tryuffer transferi esa 13,5 million evroga baholandi.

—  «Bornmut» faqat top-klublar emas, «oddiy»larga ham futbolchi sotadi. Misol uchun, «Brentford» Dango Uattaraga ega chiqish uchun o'z tarixidagi rekord transferga qo'l urdi - 42,8 million evro.

— «Bornmut» - pressing bo'yicha top-klub, Andoni Iraola esa futbolchilarni yangi bosqichga tayyorlaydi. Muvaffaqiyatli transfer siyosatida ispaniyalik mutaxassis yo'lga qo'ygan taktik uslublar katta o'rin tutadi. Chunonchi, Andoni Iraola «Bornmut»da APLdagi eng total pressing tizimlaridan birini shakllantirishga ulgurdi. «Murabbiyimiz jasoratiga qoyil qolaman. U raqibga qarab, o'z uslubini o'zgartirmaydi. Andoni o'yindan oldin shunchaki, oddiy ko'rsatma beradi: «Agar bor-yo'g'i 45 daqiqaga chidaydigan bo'lsak ham, shu vaqt davomida bor kuchingizni tashlashingiz shart» - bu Entoyn Semenoning e'tirofi. Xullas, «Bornmut» pressing soz­lamalari borasida haqiqiy top-klubdek. Murabbiy shu asnoda futbolchilarni navbatdagi darajaga mukammal tarzda tayyorlamoqda. Bu safar foyda asosan himoyachilar - Milosh Kerkez, Din Xyoysen va Ilya Zabarniy transferidan tushdi. Hatto Dango Uattara ham ba'zi o'yinlarda chap qanot himoyachisi rolini bajargandi. To'g'ri, «Nottingem Forest» uni boshqa sifatlari uchun sotib oldi.

Hozirda top-jamoalarning 95 foizida pressing muhim talab hisoblanadi. Bu borada radikallik va hududlar o'rtasida farq bordir, ammo mohiyat o'zgarmaydi - kuchli presssing. Himoyachilar transferida odatiy savol tug'iladi: nomzod futbolchi yangi klubda 30 metr yuqoriroqda o'ynashga qanchalik moslashadi? «Bornmut»dan himoyachi sotib olinayotgan payt esa bunday savolga o'rin qolmaydi. Chunki Iraola himoyachilardan muntazam oldinga chiqishni talab qiladi. Boz ustiga, ispaniyalik mutaxassisning pressing sozlamalari eng kichik detallarigacha top-klublar darajasiga mos keladi. Masalan, Iraolaning uslubi Luis Enrike «PSJ»da yo'lga qo'ygan o'yin chizmasiga juda o'xshash - individual ta'qib va total harakat. Ekspert­larning xulosalariga ko'ra, Parijga yo'l olgan Ilya Zabarniy nafaqat himoyadan oldinga chiqib o'ynash, balki muayyan vaziyatlarda tezkor qaror qabul qilishda ham uncha qiynalmaydi «Bortmut»da olgan ko'nikmasi tufayli.

—  Milosh Kerkez «Liverpul»da Endi Robertson o'rnini egallaydi. «Bornmut»ning pressing maktabi - katta plyus. Futbolchi Arne Slot uslubiga nafaqat to'p bilan harakatlanish, balki hujumni qo'llab-quvvatlash nuqtai nazaridan ham moslashishi kerak. Zero, niderlandiyalik mutaxassis Miloshdan boshqacha yo'nalishlarda ham foydalanmoqchi. Oddiy aytganda, uni vaziyat yaratadigan chap tomon markaziy himoyachisi rolida ko'rmoqda. Unutmaslik kerak, Kerkez «Bornmut»ga o'tishidan oldin Niderlandiyaning AZ klubida o'ynagan. Ya'ni Slot uning funktsiyalarini oldindan biladi.

—  Din Xyoysen «Real»da markaziy himoya pozitsiyasi uchun uzoq muddatli ijrochi. O'tgan mavsum «Madrid»ga himoya markazida barqaror to'p suruvchi futbolchi etishmagandi. Mana, jamoa ushbu pozitsiya bo'yicha eng yaxshi bo'lishga da'vogar yosh yulduzni o'z safiga qabul qildi. Ilgari pressing qilish «Madrid»da o'ynash uchun asosiy va doimiy talab hisoblanmasdi. Xabi Alonso boshqaruvida esa umumiy holat o'zgarmoqda. Yangi murabbiy pressing masalasini hatto omma oldida tez-tez muhokama qilmoqda. Xyoysenning transferida uning «Bornmut» pressing maktabidan o'tgani katta rol o'ynagani ham aniq. Dinning to'p bilan ishlash sifati - qo'shimcha bonus. Bu uning professional darajadagi birinchi o'yinlaridayoq ko'ringan va yigitcha «Bornmut» nazariga tushgandi. Xyoysen Angliya­da o'z fazilatlaridan keng foydalandi, lekin ularni deyarli rivojlantirmadi. «Real»­da esa to'p bilan oldinga yurish, konstruktiv uzatmalar borasida ko'proq erkinlikka ega bo'ladigan futbolchi qisqa vaqtda yangi darajaga ko'tarilsa, ajabmas.

—  Ilya Zabarniy «PSJ»da o'ng tomon markaziy himoyasini kuchaytirishi kerak. O'tgan mavsum Luis Enrike ixtiyorida bu pozitsiya uchun birgina Markinos bor edi. Shuning uchun ba'zida markazga chapaqay ijrochilarni qo'yishga to'g'ri keldi. Bu esa to'pni iloji boricha ko'proq va xilma-xil tarzda nazorat qilishga intiladigan jamoa uchun yaxshi holat emas. Ha, Markinos yana bir necha mavsum asosiy rol egasi bo'lib qoladi katta ehtimol. Axir u hamon yuqori darajada, qolaversa, jamoa sardori ham. Zabarniy esa braziliyalik bilan uzoq muddat raqobatlashish salohiyatiga ega. Asosiysi, Ilya pressing bo'yicha Enrike talablariga to'liq javob beradi.

—  Dango Uattara APLning o'rtamiyona klubida etakchi bo'lishga qodir. «Brentford» o'zgaruvchan uslublarga tayanishini hisobga olsak, Uattaraga bir vaqtning o'zida turli rollar tavsiya etilishi mumkin. Zero, unda universallik yuqori darajada. Deylik, Dango oxirgi mavsumlar har ikki qanotda vinger sifatida o'ynadi, yana chap qanot himoya­chisi o'rnida ko'rinish berdi, hatto hujumchi funktsiyalarini ham zimmasiga oldi. Xullas, Uattara sifatlar xilma-xilligiga ko'ra, Brian Mbemo o'rnini bosish potentsialiga ega. Ehtimol, «Brentford» ayni shunga ishonch o'laroq, o'z tarixidagi transferlar rekordini yangilashdan qaytmadi. Uattaradan boshqacha foydalanish yoki unga kichikroq rol topshirish holatida esa bu transferdan ma'no chiqmaydi. Chunonchi, «Brentford» ratsionalligi bilan ko'zga tashlanishga ulgurib bo'ldi.

A.AHMEDOV tayyorladi

Manba: Interfutbol gazetasi