Keza: «Yuventus»ga jon-dilim bilan qaytgan bo'lardim»

«Liverpul» vingeri Federiko Keza A Seriyaga qaytishga tayyor ekanligini ma'lum qildi. 28 yoshli futbolchi «qizillar»ning asosiy tarkibidan muqim joy ololmadi, shu sababli mish-mishlar uni yana Italiya klublaridan biriga o'tishi bilan bog'lamoqda.
«Men hech qachon «Yuventus»dan o'z xohishim bilan ketmagan bo'lardim. O'sha paytda klubdan katta pul talab qilganim haqida ko'p yozishdi, lekin hammasi butunlay boshqacha edi: aslida menga shartnomani uzaytirish bo'yicha umuman taklif berishmagan. Motta va Juntoli mendan yangi klub topishimni so'rashgandi. Men «Yuventus»ni yaxshi ko'raman va u erga jon-dilim bilan qaytgan bo'lardim», — dedi Keza La Gazzetta dello Sport nashriga bergan intervyusida.
Eslatib o'tamiz, «Liverpul» ushbu futbolchini 2024 yilning avgust oyi kunlarida «keksa sinora»dan 12 million evro evaziga sotib olgan edi.