«Liverpul» futbolchisi Federiko Keza jamoadoshi Kyortis Jonsning Milanning «Inter» klubiga o'tishi mumkinligi haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi. «Neradzurrilar»ning ingliz yarim himoyachisiga qiziqish bildirayotgani haqidagi ma'lumotlar matbuotda anchadan beri aylanib yuribdi. A Seriya grandi ushbu transfer ustida faol ish olib borayotgani ma'lum.

«Kyortis mendan Italiyadagi hayot haqida so'radi. Men unga u er ajoyibligini, qolaversa, iqlimi Liverpuldagiga qaraganda ancha yoqimli ekanini aytdim. Jons haqiqatan ham texnik jihatdan juda iqtidorli, shuning uchun «Inter»ning unga bo'lgan qiziqishi mutlaqo asosli», — dedi Keza La Gazzetta dello Sport nashriga bergan intervyusida.

Eslatib o'tamiz, 28 yoshli italiyalik futbolchining o'zi ham vataniga qaytishga shaylanmoqda — u hatto «Yuventus»ga o'tishga tayyor ekanligini ochiqchasiga e'lon qilgan.