Keyn qanday shart evaziga «Bavariya»ni tark etishi ma'lum bo'ldi

Myunxenning "Bavariya" klubi forvardi Xarri Keynning shartnomasida maxsus band borligi haqida ma'lumot paydo bo'ldi.
Sport BILD xabariga ko'ra, 32 yoshli hujumchining mehnat shartnomasida 2026 yilning yozida futbolchini 65 million evroga istalgan klub sotib olishi mumkin bo'lgan band bor. Ammo bir muhim jihat borki, Keyn qishki transferlar oynasi yakuniga qadar jamoani tark etishini rahbariyatga e'lon qilgan taqdirdagina ushbu band kuchga kiradi.
2023 yilda "Bavariya" Keynni "Tottenxem"dan 95 million evroga sotib oldi. Bu mavsumda forvard barcha musobaqalarda ettita uchrashuvda 13 ta gol urdi va 3 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Keynning "Bavariya" bilan amaldagi shartnomasi 2026/27 yilgi mavsum oxirigacha mo'ljallangan.