«Manchester Yunayted» bosh murabbiyi Maykl Kerrik klubdagi kelajagi haqida yana bir bor fikr bildirdi. Shanba kuni «qizil iblislar» ingliz mutaxassisi qo'l ostida navbatdagi g'alabani qo'lga kiritib, safarda «Chelsi»dan ustun kelishdi (1:0).

Murabbiyning amaldagi shartnomasi yozda o'z nihoyasiga etadi, biroq «MYu» rahbariyati uning kelajagi borasida hali bir qarorga kelgani yo'q.

«Menga bu er yoqadi, ammo vaziyatni tushunib turibman — qaror qabul qilish mening ixtiyorimda emas. Men bu ishni va bu klubni yaxshi ko'raman, bu erda o'zimni yaxshi his qilyapman», — deya Kerrikning o'yindan keyingi intervyusidan iqtibos keltirmoqda Utdreport.

44 yoshli mutaxassis ushbu lavozimni yanvar oyida, avvalroq ishdan bo'shatilgan Ruben Amorimning o'rnini egallab, qabul qilib olgan edi. «Manchester Yunayted» Premer-liga finishiga besh tur qolganda turnir jadvalida uchinchi pog'onani egallab turibdi.