Kerrik: «Men dam olishga muhtoj emasman»

«Manchester Yunayted» bosh murabbiyi Maykl Kerrik mavsum yakuniga kelib ishdan charchamaganini tan oldi. Bugun Premer-ligada so'nggi tur o'yinlari bo'lib o'tadi. Kuchli uchlikdan joy olishni va Chempionlar ligasi yo'llanmasini allaqachon naqd qilgan «qizil iblislar» safarda «Brayton»ga qarshi bahs olib borishadi.
«Ochig'ini aytsam, men dam olishga muhtoj emasman. O'zimni yaxshi his qilyapman. Ish ritmiga kirishib ketasan, ko'nikasan, shu oqimga qo'shilasan. Men bu erdagi har bir daqiqadan zavq olyapman va albatta, tanaffus kerak degan hissiyot yo'q», — dedi Kerrik matbuot anjumanida.
Yaqinda ingliz mutaxassisi klub bilan shartnomasini 2028 yilning o'rtalariga qadar uzaytirgan edi.