Kanada terma jamoasi O'zbekiston bilan o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazish uchun pul taklif qilgan

O'zbekiston terma jamoasi Jahon chempionatiga tayyorgarlik jarayonida bir qator jamoalar bilan o'rtoqlik uchrashuvlari o'tkazishni rejalashtirmoqda. “Daryo” manbalariga ko'ra, Kanada futbol assotsiatsiyasi O'zbekiston bilan sparring o'yini tashkil qilish taklifi bilan chiqqan. Shimoliy Amerika jamoasi bu bahsni o'tkazish uchun O'zbekiston futbol assotsiatsiyasiga 50 ming dollar taklif qilgani aytilmoqda.
Unga ko'ra, o'yin borasida tomonlar kelishuvga erishgan. Avvalroq O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi terma jamoalar bo'limining sobiq rahbari Sherzod Igamberdiev 2026 yil 1 iyunda Jahon chempionati mezbonlaridan biri bilan o'rtoqlik o'yini o'tkazish bo'yicha kelishuv bo'lganini ma'lum qilgandi. “Daryo” manbasining qayd etishicha, mazkur raqib — Kanada.
Shu bilan birga, O'zbekiston mart oyida Krishtianu Ronaldu boshchiligidagi Portugaliyaga qarshi o'rtoqlik o'yini o'tkazishi mumkinligi haqida ham xabarlar tarqalgandi. Hatto O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Ravshan Ermatovning sobiq FIFA hakami, hozirda Portugaliya futbol federatsiyasi prezidenti bo'lib ishlayotgan Pedro Proensa bilan muloqot qilgani aytilgandi.
Ammo 5 dekabr, juma kuni bo'lib o'tgan qur'ada O'zbekiston va Portugaliya bir guruhdan joy oldi. Bu esa Jahon chempionati oldidan ikki jamoa o'rtasida o'rtoqlik uchrashuvi bo'lmasligini anglatadi.
Ma'lumot uchun, O'zbekiston terma jamoasi Jahon chempionati guruh bosqichi uchrashuvlarini Meksika hamda AQSh maydonlarida o'tkazishi kutilmoqda. Unga ko'ra, “oq bo'rilar” ilk turda Kolumbiyaga qarshi maydonga tushsa, ikkinchi turda Krishtianu Ronaldu boshchiligidagi Portugaliya bilan o'ynaydi. Kannavaro jamoasi oxirgi turda Kongo/Yamayka/Yangi Kaledoniya o'rtasidagi uchrashuvlar g'olibiga qarshi maydonga tushadi.