Joze Mourino iste'folar sabab qancha tovon puli undirgan?

Joze Mourino “Fenerbaxche”dan iste'foga chiqarilgach, unga 15 million evro tovon puli to'langani, umuman portugaliyalik mutaxassis shunaqa iste'folardan shu paytgacha 90 million evro ishlab olgani haqida ko'p erda yozilyapti. Ammo hammasi aynan shunday emas, ba'zi jihatlar bor.
Agar klub murabbiy bilan ma'lum muddat uchun shartnoma tuzgan bo'lsa-yu, uni o'sha muddat kelmasdan iste'foga chiqarsa, pul to'laydi, to'g'ri. Bu pul kelishuvga ko'ra ikki turli bo'ladi. Birinchisi, mabodo murabbiy muddatidan oldin bo'shatilsa, ma'lum avvaldan kelishilgan summa yoki iste'fo paytida kelishuv asosida bir martalik pul to'lab beriladi, tamom. Odatda unaqa katta summa bo'lmaydi.
Eng ko'p tarqalgani, o'sha shartnoma muddati tugaguncha agar murabbiy ishlasa, hammasi bo'lib qancha maosh olgan bo'lardi, shu summadan kelib chiqiladi. Ammo agar murabbiy iste'foga chiqqach, to o'sha muddat tugaguncha boshqa klubda ish boshlasa, summa qisqaradi.
Aytaylik, murabbiy “A” klub bilan 2027 yozgacha 10 million yillik maoshga kelishdi. Demak u 2 mavsumda 20 million evro olishi kerak. Klub uni yarim yildan so'ng iste'foga chiqarsa, o'sha qolgan qismi – 15 million evroni ham to'lab berishi kerak. Ammo 2026 yil yozda murabbiy “B” klubda ish boshladi. “A” klub faqat yarim yil ishsiz qolgan payt uchun 5 million evroni to'lab beradi. Ikkinchi yil uchun to'lamaydimi? To'laydi, faqat “B” klubdagi maosh 10 million evrodan kam bo'lsa, o'sha etmagan qismini qoplab beradi. “B” klub 8 million evro to'lasa, qolgan 2 million evroni “A” klub qoplaydi xolos. Agar “B” klub ham 10 million evro yo undan kattaroq summaga kelishgan bo'lsa, “A” klub ikkinchi yil uchun umuman tovon puli to'lamaydi.
Shuning uchun murabbiylarning iste'fo paytida oshkor qilgan katta tovon pullari ko'pincha to'liq to'lanmasligini inobatga olish kerak. Chunki odatda murabbiylar bir yil o'tmasdan baribir boshqa klubda ish boshlashadi. Joze Mourino ham faoliyati davomida maksimum 1.5 yil tanaffus qilgan xolos. Tabiiyki, uning haqiqatda olgan tovon pullari aytilayotganidan birmuncha kam.
Savol tug'iladi, murabbiylar eski muddat tugaguncha, mazza qilib dam olib yurishsa bo'lmaydimi, baribir o'sha summani yo eski, yo yangi klubidan olarkan-ku, deb. Bunday savol tug'ilishining sababi, biz o'zi pul haqida ko'p o'ylashimizdan. Murabbiylar jarayonning o'ziga, yong'oqning shaqirlashiga ishqiboz. Shuningdek, muvaffaqiyat orqali ular o'zlariga nom qozonishlari, keyingi shartnomalar uchun narxni oshirishlari mumkin, dam olib o'tirib buni amalga oshirish imkonsiz.
Qahramon Aslanov