Jordi Alba faoliyatidagi asosiy murabbiyni aytdi

Ispaniya terma jamoasi va Kataloniyaning «Barselona» klubi sobiq himoyachisi Jordi Alba o'z vaqtida «Valensiya»da birga ishlagan murabbiy Unai Emeri haqida fikr bildirdi.
«Mening faoliyatimdagi eng muhim shaxs — Emeri. U maydondagi pozitsiyamni o'zgartirdi va menga yordam berish uchun qo'lidan kelganini qildi. Bu mening rivojlanishimda hal qiluvchi qadam bo'lgan. Avvaliga men himoyada o'ynashni xohlamaganman, ammo Unai shunday qaror qildi. Natijada, u tufayli menda muvaffaqiyatli karera shakllandi», — deya Albaning so'zlarini keltirgan Tribal Football.
Eslatib o'tamiz, Jordi Alba 2023 yildan buyon AQShning “Inter Mayami” klubi sharafini himoya qilib kelmoqda. U joriy mavsum yakunlangach, professional faoliyatini tugatishni rejalashtirgan.