«Tottenxem» tomonidan «Bavariya»dan ijaraga olingan yarim himoyachi Joau Palinya bo'lajak mavsumlar oralig'ida yangi klubga o'tishi mumkin.

«Shporlar» portugaliyalik futbolchini sotib olishga shoshilmayapti — mavsum yakunlanganidan keyin uning Myunxenga qaytishi ehtimoli ancha yuqori. «Bavariya» ham yarim himoyachiga ishonch bildirmayapti, shu sababli, agar «Tottenxem» kelishuvdan voz kechsa, uni Premer-liganing boshqa bir vakiliga sotish rejalashtirilmoqda, deb xabar bermoqda jurnalist Kristian Falk. Taxminlarga ko'ra, Angliyada Bundesliga grandining talablarini qondira oladigan va 30 yoshli futbolchini o'z safiga qo'shib olishni istovchilar etarlicha topiladi.

Joau Palinya «Tottenxem» safida 38 ta o'yinda maydonga tushib, 5 ta gol va 3 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Transfermarkt portalida futbolchining qiymati 18 mln evro deb baholangan.