«Barselona» darvozaboni Joan Garsiya Kataloniya klubidagi ilk mavsumi haqidagi fikrlari bilan o'rtoqlashdi. Mavsum yakunlariga ko'ra, futbolchi Ispaniya terma jamoasining Jahon chempionati uchun qaydnomasidan joy oldi.

«Agar boshqacha qaror qabul qilganimda nima bo'lishini bilmayman. Ammo bu transfer menga juda katta yordam berganiga ishonchim komil. Bu erda o'yinlar ko'p va talab darajasi ancha yuqori», — dedi Garsiya Catalunya Radio nashriga bergan intervyusida.

«Terma jamoa bosh murabbiyi futbolchilarni imkon qadar Jahon yoki Evropa chempionatiga o'xshash, bosim yuqori bo'lgan muhitda ko'rishni istaydi. Bunday yuqori talabchan klubda to'p surish esa murabbiyning yakuniy qarorga kelishiga haqiqatan ham yordam beradi».

Yakunlangan mavsumda futbolchi Ispaniya chempioniga aylandi. U klub miqyosidagi barcha musobaqalarda jami 45 ta uchrashuvda maydonga tushib, o'z darvozasidan 42 ta to'p o'tkazib yubordi. Shuningdek, 18 ta o'yinda darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi. «Barselona»ga o'tguniga qadar Garsiya «Espanol» sharafini himoya qilgan.

Manba: Stadion.uz