Jiru: «Shartnomani Chempionlar ligasi uchun uzaytirdim»

Frantsiyalik faxriy futbolchi Olive Jiru «Lill» bilan shartnomasini uzaytirgani haqida avvalroq xabar bergan edik. Uning bu qarorga kelishidagi asosiy omillardan biri klubning keyingi mavsumda Chempionlar ligasida ishtirok etishi bo'ldi. «Lill» yakunlangan mavsumni muvaffaqiyatli o'tkazib, ushbu huquqni qo'lga kiritgan edi.
«Chempionlar ligasi — bu eng yuqori daraja. Shartnomani uzaytirishimda ushbu sabab ham muhim rol o'ynadi, chunki «Lill» u erda o'ynaydi. Men ushbu turnirda jamoaga yana nimadir bera olishimni his qilyapman. Menda motivatsiya yuqori», — deya Jiruning so'zlaridan iqtibos keltirmoqda pianetamilan.it nashri.
Eslatib o'tamiz, tajribali futbolchi faoliyati davomida Italiyaning «Milan» va Angliyaning «Arsenal» kabi klublari sharafini himoya qilgan.