Frantsiya terma jamoasi sobiq hujumchisi Olive Jiru «uchranglilar» safidagi gollar soni bo'yicha o'z rekordini yangilagan futbolchi Kilian Mbappeni tabrikladi. Mbappe JCh-2026 «I» guruhi 1-turidan o'rin olgan Senegalga qarshi uchrashuvda (3:1) gol urishga muvaffaq bo'ldi.

«Tabriklayman, Kilian! Men u uchun xursandman. Bu kutilgan vaziyat edi. U barcha rekordlarni — ham o'yinlar, ham gollar soni bo'yicha yangilaydi. O'ylaymanki, u 100 ta gollik marrani osongina zabt eta oladi va ehtimol, Miroslav Klozening dunyo birinchiliklaridagi gollar bo'yicha rekordini ham yangilar. U jahon chempionatlarida va boshqa muhim uchrashuvlarda juda ajoyib o'yin ko'rsatmoqda», — dedi Jiru BBC efirida.

«I» guruhining 2-turida Frantsiya milliy terma jamoasi Iroq bilan to'qnash keladi (23 iyun), 3-turda esa Norvegiya bilan kuch sinashadi (26 iyun).