2026-yilgi Jahon chempionatining 1/8 final bosqichidan o'rin olgan AQSh hamda Belgiya milliy jamoalari o'rtasidagi uchrashuv o'z nihoyasiga etdi. Gollarga boy bo'lgan bahsda evropaliklar yirik hisobdagi g'alabani qo'lga kiritib, chorak final yo'llanmasiga ega chiqdi.

Sietl shahridagi “Lumen Field” stadionida bo'lib o'tgan uchrashuv belgiyaliklarning 4:1 hisobidagi g'alabasi bilan yakunlandi. O'yinning 9-daqiqasidayoq Sharl De Ketelare hisobni ochdi. 31-daqiqada Malik Tillman muvozanatni tiklashga muvaffaq bo'ldi. Biroq, oradan ko'p o'tmay, 33-daqiqada De Ketelare o'zining ikkinchi golini urib, jamoasini yana oldinga olib chiqdi. Birinchi taym 1:2 hisobida yakunlandi.

Ikkinchi bo'limda ham ustunlikni qo'ldan boy bermagan Belgiya milliy jamoasi safida Hans Vanaken 57-daqiqada uchinchi golni urgan bo'lsa, uchrashuvga qo'shib berilgan vaqtda (90+3-daqiqa) Romelu Lukaku yakuniy nuqtani qo'ydi. E'tiborlisi, AQSh prezidenti Donald Trampning iltimosiga ko'ra diskvalifikatsiyasi bekor qilingan va matbuotda katta shov-shuvlarga sabab bo'lgan amerikalik hujumchi Folarin Balogun asosiy tarkibda maydonga tushgan bo'lsa-da, jamoasini mag'lubiyatdan qutqarib qola olmadi. Uchrashuvda dubl qayd etgan Sharl De Ketelare 8.5 ball bilan eng yaxshi o'yinchi deb topildi.

Pley-off to'riga ko'ra, chorak finalga yo'llanma olgan Belgiya milliy jamoasi endi 1/8 finalda Portugaliyani musobaqadan chiqarib yuborgan Ispaniyaga qarshi to'qnash keladi. Mazkur chorak final uchrashuvi 11 iyul kuni Toshkent vaqti bilan soat 00:00 da bo'lib o'tishi rejalashtirilgan. Shuningdek, mezbonlardan biri bo'lgan AQSh uchun musobaqa o'z nihoyasiga etdi.

Jahon chempionati-2026. 1/8 final
AQSh — Belgiya 1:4
Gollar: 0:1 — Sharl De Ketelare (9), 1:1 — Malik Tillman (31), 1:2 — Sharl De Ketelare (33), 1:3 — Hans Vanaken (57), 1:4 — Romelu Lukaku (90+3).

Manba: Stadion.uz