JCh-2026 oldidan Frantsiya terma jamoasida Mbappe ishtirokida mojaro yuzaga keldi

Jahon chempionati–2026 1/16 finalida Shvetsiyaga qarshi bahs oldidan Frantsiya terma jamoasi yig'inida keskinlik yuzaga keldi, deb xabar bermoqda Sports.kz.
Ispaniyaning El Nacional nashri ma'lumotiga ko'ra, jamoa sardori Kilian Mbappe va yarim himoyachi Orelen Chuameni terma jamoadagi ayrim sheriklarining noroziligiga sabab bo'lgan. Xabar qilinishicha, ikki futbolchi yig'in davomida deyarli barcha vaqtini Maykl Olise bilan birga o'tkazmoqda. Shu bois jamoa ichida kiyinish xonasida alohida yopiq guruh shakllanayotgani haqida gap-so'zlar tarqalgan.
Frantsiya terma jamoasi bosh murabbiyi Dide Desham ochiqchasiga o'z etakchilarini qo'llab-quvvatladi. Biroq manbaga ko'ra, murabbiylar shtabi futbolchilarni jamoa birdamligini saqlashga chaqirgan. Ehtimoliy choralar sifatida ichki ogohlantirishlar ko'rib chiqilmoqda. Agar jamoadagi muhit yomonlashsa, ayrim futbolchilarning o'yin vaqti vaqtincha qisqartirilishi ham istisno etilmagan.
Ta'kidlanishicha, ko'pchilik futbolchilar jamoadoshlar o'rtasida do'stona munosabatlar bo'lishini tabiiy hol deb hisoblaydi. Biroq ularning fikricha, jahon chempionati davomida jamoa manfaatlari shaxsiy munosabatlardan ustun turishi lozim.
1 iyulga o'tar kechasi Frantsiya terma jamoasi JCh–2026 1/16 finali doirasida Shvetsiyaga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 02:00 da boshlanadi. Ushbu juftlik g'olibi keyingi bosqichda Paragvay terma jamoasi bilan kuch sinashadi.
Manba: Stadion.uz
Kommentariyalar