JCh–2026 oldidan Angliya terma jamoasi bazasi yaqinida zilzila sodir bo'ldi

Angliya milliy terma jamoasi Jahon chempionati–2026ga tayyorgarlik jarayonida kutilmagan hodisaga duch keldi.
Kuba sohillari yaqinida magnitudasi 6,1 ballga teng kuchli zilzila qayd etildi. Er osti silkinishlari AQShning Florida shtatidagi bir qator hududlarda ham sezildi. Aynan shu shtatda Angliya terma jamoasining mashg'ulot bazasi joylashgan.
Xabar qilinishicha, zilzilaning takroriy silkinishlari 11 iyun kuni Tomas Tuxel shogirdlari Kosta-Rika terma jamoasiga qarshi o'rtoqlik uchrashuvini o'tkazishi rejalashtirilgan Orlando shahrigacha etib borgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda binolar ichidagi mebellar va turli buyumlarning silkinayotganini ko'rish mumkin.
Mahalliy hokimiyat ma'lumotlariga ko'ra, jabrlanganlar yoki jiddiy moddiy zarar haqida ma'lumot kelib tushmagan. Ehtiyot chorasi sifatida ayrim binolarda vaqtinchalik evakuatsiya ishlari amalga oshirilgan.
Hodisaga qaramay, Angliya terma jamoasining jahon chempionatiga tayyorgarligi reja asosida davom etmoqda. Zilzila jamoaning mashg'ulot jarayoni va taqvimiga ta'sir ko'rsatmagan.
2026 yilgi jahon chempionati AQSh, Kanada va Meksikada bo'lib o'tadi hamda turnir tarixida ilk bor 48 ta milliy terma jamoa ishtirok etadi.