JCh-2026. O'zbekiston — Kolumbiya. Kannavaro va Shomurodov matbuot anjumanida ishtirok etdi

2026 yilgi jahon chempionatining birinchi turidan o'rin olgan O'zbekiston — Kolumbiya uchrashuvi oldidan O'zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro hamda jamoa sardori Eldor Shomurodov ishtirokida rasmiy matbuot anjumani bo'lib o'tdi.
Fabio Kannavaro:
— Xayrli kech barchaga. Bu biz uchun ilk jahon chempionati hisoblanadi. Ertaga barcha muxlislarimiz bizni tomosha qiladi, barcha futbolchilarimiz o'yinga tayyor.
— Abduqodir Husanov, albatta, muhim himoyachilarimizdan biri. U hali yanada yuqori darajaga chiqish imkoniyatiga ega. Ayni paytda ham yuqori saviyada o'yin ko'rsatib kelmoqda.
— O'ylaymanki, biz bu erga eng yaxshi fazilatlarimizni, o'zbek xalqining mentalitetini namoyish qilish uchun kelganmiz. Men jamoa bilan ishlash jarayonida o'z tajribamni ulashishga harakat qildim. Chunki men ham bir vaqtlar jahon chempionatida ilk bor maydonga tushganman va shu tajribalarimni futbolchilarga etkazyapman.
— Kolumbiya va Portugaliya yuqori darajadagi jamoalar. Ular tarkibida kuchli futbolchilar bor. Ularga qarshi ehtiyotkorlik bilan harakat qilamiz. Biroq Kolumbiyada faqat Xames Rodriges emas, balki ko'plab yuqori saviyadagi futbolchilar ham bor.
— Kolumbiyani tahlil qildik, ular uchrashuvni oxirigacha yuqori sur'atda o'tkazadi. Biz ham o'z imkoniyatlarimizni namoyish etish uchun maydonga tushamiz.
— Men bu stadionga avval ham kelganman. Bu erda Diego Maradona o'zining eng yorqin gollaridan ayrimlarini urgan. Biz ham ushbu tarixiy stadionda ilk o'yinimizni o'tkazayotganimizdan mamnunmiz.
— Mening fikrimcha, nimagadir erishmoqchi bo'lsangiz, qiyinchiliklardan o'tishingiz kerak. O'zingizni isbotlashingiz lozim. Mashg'ulotlarda qiyinchiliklar bo'lishi tabiiy holat.
— O'FA akademiyalar va infratuzilmaga juda katta e'tibor qaratmoqda. Mamlakatda futbol rivojlanib bormoqda. Bu O'zbekiston uchun ilk jahon chempionati. Men O'zbekistonning birinchi jahon chempionatida bosh murabbiy sifatida ishtirok etayotganimdan xursandman.
Eldor Shomurodov:
— Jamoada kayfiyat a'lo darajada. Biz ilk bor jahon chempionatida ishtirok etyapmiz. Hayajon bor, ammo hech qanday bosim yo'q. Barcha futbolchilar ushbu uchrashuvni intiqlik bilan kutmoqda.
— Uzoq kutilgan jahon chempionatida terma jamoa sardori sifatida ishtirok etish men uchun katta g'urur. Ertaga ijobiy natija qayd etishimizga umid qilaman. Xalqimizdan esa bizni qo'llab-quvvatlashini so'rab qolaman. Bizda bosim yo'q, jamoamiz ertangi o'yinga to'liq tayyor bo'ladi.