JCh-2026: Finalni qaysi hakam boshqarishi ma'lum bo'ldi

FIFA 19 iyul kuni Argentina va Ispaniya terma jamoalari o'rtasida bo'lib o'tadigan Jahon chempionati final uchrashuvi, shuningdek, Angliya hamda Frantsiya o'rtasidagi uchinchi o'rin uchun bahsni boshqarib boradigan hakamlar nomini ma'lum qildi.
Final: Argentina — Ispaniya
Jahon chempionati final uchrashuviga sloveniyalik Slavko Vinchich bosh hakam etib tayinlandi. Unga qanotlarda hamyurtlari Tomaj Klanchnik va Andraj Kovachich yordam beradi. Iordaniyalik Adham Maxadmeh to'rtinchi hakam, uning hamyurti Muhammad Alkalaf esa zaxira yordamchi hakami vazifasini bajarishi belgilangan.
Uchinchi o'rin uchun bahs: Angliya — Frantsiya
Frantsiya va Angliya o'rtasidagi uchinchi o'rin uchun o'tadigan o'yinni venesuelalik Xesus Valensuela boshqaradi. Xorxe Urrego va Tulio Moreno unga qanotlarda ko'maklashadi. Marokashlik Jalol Jayed to'rtinchi hakam, uning hamyurti Zakariya Brinsi esa zaxira yordamchi hakami sifatida ishlashi tasdiqlandi.
Eslatib o'tamiz, ilk yarim finalda Ispaniya Frantsiyani 2:0 hisobida mag'lub etib, finalga yo'llanma olgan edi. Ikkinchi yarim final bahsida esa Argentina Angliya ustidan 2:1 hisobida g'alaba qozondi. Shunday qilib, Argentina hamda Ispaniya o'rtasidagi hal qiluvchi final bahsi 19 iyuldan 20 iyulga o'tar kechasi soat 00:00 da bo'lib o'tadi. Frantsiya hamda Angliya o'rtasidagi uchinchi o'rin uchun uchrashuv esa 18 iyuldan 19 iyulga o'tar kechasi soat 02:00 da start oladi.
Manba: Stadion.uz
Kommentariyalar