Jahon chempionati boshlanishiga sanoqli haftalar qolayotgan bir vaqtda, turnir atrofidagi qiziqish rekord darajaga etmoqda. Xususan, 19 iyul kuni Nyu-Jersida bo'lib o'tadigan final bahsi chiptalarining narxi keskin qimmatlashgan.

derbyderbyderby.it nashrining xabar berishicha, final o'yini uchun chiptalarning maksimal narxi 2 million evrogacha etmoqda. FIFA tomonidan olib borilayotgan narx siyosati esa muxlislar va ekspertlar o'rtasida turli munozaralarga sabab bo'lyapti.

Hozirda hal qiluvchi bahs uchun eng arzon chiptalarning boshlang'ich narxi 23 ming evro qilib belgilangan. Narxlar stadiondagi o'rinlarning joylashuvi va toifasiga qarab keskin farq qilmoqda.

Shuningdek, chiptalar sotuvida kutilmagan holatlar ham kuzatilmoqda. Ma'lumotlarga ko'ra, ba'zi sektorlarda 138 ming evrolik "lyuks" toifadagi o'rindiqlar 23 ming evrolik oddiy joylar bilan yonma-yon joylashgan. Bunday nomutanosiblik chipta bozoridagi narxlarning sun'iy ravishda oshishi va talabning haddan tashqari yuqoriligi bilan izohlanmoqda.

Eslatib o'tamiz, bo'lajak Jahon chempionati ilk bor uchta davlat — AQSh, Kanada va Meksika mezbonligida o'tkaziladi. Final bahsi esa AQShning Nyu-Jersi shtatidagi "Metlayf" stadionida bo'lib o'tadi.