Ekvador futbol federatsiyasi (FEF) joriy yilgi jahon chempionatida ishtirok etadigan 26 nafar futbolchidan iborat yakuniy ro'yxatni rasman taqdim etdi.

Terma jamoaning mundial uchun qaydnomasi o'ziga xos tarzda — guayakillik taniqli xonanda Ektor Napolitano ijrosidagi videotaqdimot orqali muxlislarga e'lon qilindi. Jamoaning yulduzli tarkibidan Villian Pacho, Pero Inkape hamda terma jamoa tarixidagi eng yaxshi to'purar Enner Valensiya kabi taniqli nomlar joy olgan.

Bosh murabbiy Sebastyan Bekkasese bu galgi turnirga Evropa yashil maydonlarida to'p surayotgan legionerlar hamda ichki chempionat vakillaridan iborat ancha muvozanatlashgan tarkibni jalb etgan. Jamoaning asosiy etakchilaridan biri, «Chelsi» yarim himoyachisi Moyzes Kaysedo ham qaydnomaga kiritildi. Avvalroq uning diskvalifikatsiyasi bilan bog'liq noaniqliklar mavjud edi, biroq FIFA futbolchining ilk turdanoq maydonga tushishi mumkinligini tasdiqladi.

Ekvadorliklar ushbu jahon birinchiligida o'z tarixiy natijalarini yangilashni maqsad qilgan. Jamoa o'z tarixida faqat bir marta — 2006 yilda nimchorak finalgacha etib borgan bo'lsa, 2002, 2014 va 2022 yilgi mundiallarni guruh bosqichidayoq yakunlashga majbur bo'lgan. Jamoaning eng kuchli tomoni sifatida mustahkam himoya chizig'i ko'rilmoqda — ekvadorliklar saralash bosqichida o'z darvozalaridan bor-yog'i 5 ta to'p o'tkazib yuborib, Janubiy Amerika mintaqasida eng yaxshi ko'rsatkichni qayd etishgan.


Ekvador terma jamoasining JCh-2026 uchun to'liq tarkibi:

  • Darvozabonlar: Ernan Galindes («Urakan»), Moyzes Ramires («Kifisia»), Gonsalo Vale («LDU Kito»).

  • Himoyachilar: Villian Pacho («PSJ»), Pero Inkape («Arsenal»), Pervis Estupinyan («Milan»), Xoel Ordones («Bryugge»), Feliks Torres («Internasonal»), Jekson Poroso («Tixuana»), Anxelo Presiado («Atletiko Mineyro»).

  • Yarim himoyachilar: Moyzes Kaysedo («Chelsi»), Entoni Valensiya («Antverpen»), Denil Kastilo («Midtyulland»), Xordi Alsivar («Independente del Vale»), Alan Franko («Atletiko Mineyro»), Pedro Vite («Pumas UNAM»), Kendri Paes («River Pleyt»), Alan Minda («Atletiko Mineyro»), Yaymar Medina («Genk»).

  • Hujumchilar: Gonsalo Plata (« Flamengo»), Jon Yeboa («Venetsiya»), Nilson Angulo («Anderlext»), Kevin Rodriges («Yunion Sent-Jilluaz»), Xordi Kaysedo («Urakan»), Jeremi Arevalo («Shtutgart»), Enner Valensiya («Pachuka»).